--

SIRDARYO TARIXINING SOLNOMACHISI

SIRDARYO TARIXINING SOLNOMACHISI
Chop etilgan 16 September, 2026

Uzoq yillar viloyatimizning partiya va sovet organlarida ishlagan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Sobirjon Usmonov pensiyaga chiqqach, Sirdaryo tarixi va odamlari haqida turkum asarlar bitdi. Ularning umumiy soni ayni paytda 17 taga yetdi. Alisher Navoiy nomidagi Axborot-kutubxona markazida u kishining navbatdagi ikki asari — “Sirdaryo viloyati tarixidan” hamda “Sirdaryolik qahramonlar” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan notiqlar, adib Munavvar Pardayev, Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti Yangiyer filialining dotsenti Ilyos Quvondiqov, mehnat faxriylari Akbarali Mirzaahmedov, Botir Sangirov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining rahbari O‘tbosar Abdiyev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorovalar muallifning ulkan va mashaqqatli mehnatini e’tirof etishdi.

—   Kamina bu kitoblarni jonli

asarlar deb hisoblayman. Chunki muallif unda raqam etilgan qahramon-larining oilalariga borib, faktlarni zarralardan yig‘ib, so‘ngra yozganlar. Biz viloyatimiz tarixini yanada teranroq o‘rganib, kelajakda ochiq osmon ostida bir muzey tashkil qilsak. Kelajak avlodlar cho‘lquvar bobo-momolarining jasoratidan voqif bo‘lardi, — dedi I. Quvondiqov.

—   Keyingi paytlarda viloyatlar orasida o‘zlari yashayotgan go‘shaning tarixini yozish bo‘yicha eldoshlarimiz oldingi o‘rinlardan birini egallab turibdi, — dedi 

O‘. Abdiyev. —Biroq afsuslanarli holatlar ham yo‘q emas. Viloyatning rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan insonlarning oilalariga borib, otalar

haqida ma’lumot va suratlar so‘ral-ganda bir og‘iz jo‘yali ma’lumot berolmaganlari ham uchrab turibdi.

Dilorom Ismadiyorova Sobirjon Usmonovning uyushma hayotidagi faolligi, asarlarining o‘qishliligi haqida gapirib, 80 yoshlik yubileyi bilan qutladi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Taqdimot so‘ngida so‘z olgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Sirdaryo viloyat Kengashi raisining o‘rinbosari Oybek Ashurmatov Sobirjon Usmonovning har ikki asari viloyatimiz tarixining o‘rganilmagan sahifalarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Ushbu asarlarni sirdaryolik yurtini sevgan barcha yoshu qari o‘qib chiqsa, diyoriga mehr-muhabbati oshajagini ochiqladi. Notiq yangi va yaxshi asarlar muallifini esdalik sovg‘alari bilan siyladi.

Taqdimotda yakunlovchi so‘z olgan Sobirjon Usmonov sirdaryolik muhiblariga o‘z hurmat-ehtiromini izhor etdi.

—Kitoblarimning nusxasi uncha ko‘p emas, — dedi muallif. —Biroq biz har ikki asarimizning elektron nusxalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylaymiz, kutubxonalarga tarqatamiz. Zero, o‘zi yashayotgan yurtning tarixini bilish har bir sirdaryolik uchun farz va qarzdir.

Muhammadali AHMAD

Tasvirlarda taqdimotdan lavha

Тегlar::